TIGblogs TIG | TIGblogs GROUP TIGBLOGS LOGIN SIGNUP
atoshmatov63's Blog
atoshmatov63's Blog
Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil etilganiga 10 yil to‘ldi
Related to country: Uzbekistan


O‘zA, G‘ulom Mirzo – Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil etilganiga 10 yil to‘ldi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, istibdod yillarida toptalgan yana bir adolat tantana qildi: buyuk bobomiz Sohibqiron Amir Temurning muborak nomi qayta tiklandi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan yurtimizda Sohibqironning tabarruk nomini tiklash, ruhi pokini shod etish yo‘lida zalvorli qadamlar qo‘yildi. Amir Temur ordeni ta’sis etilgani, Toshkent, Samarqand va Shahrisabzda bobokalonimizga haykallar o‘rnatilgani, Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil topgani ana shunday sharafli ishlardandir.

Poytaxtimizning markazida qad rostlagan Temuriylar tarixi davlat muzeyi o‘zining yuksak salohiyati va salobati bilan alohida ajralib turadi. Betakror me’moriy yechimga ega muzey binosi Sharq me’morchiligining temuriylar davriga xos hamda bugungi kun zamonaviy uslublarini o‘zida mujassam etgan.

Davlatimiz rahbari 1996 yilning 18 oktabrida - ushbu ma’naviyat koshonasining tantanali ochilish marosimida ta’kidlaganidek, “Amir Temur xiyoboni go‘zal bir uzuk bo‘lsa, bu muzey shu uzukning yoqut ko‘zidir”. Bunday ta’rif ushbu koshonaning nainki ko‘rk-tarovatiga, ayni chog‘da undagi qadimiy, noyob osori-atiqalarning mohiyati va ahamiyatiga ham taalluqlidir. Zero, muzey ko‘rgazmalarida xalqimizning buyuk tarixi ham, shonli buguni ham, yorug‘ istiqboli ham aks etgan.

Muzey fondining asosiy qismi O‘zbekistonning XIV-XVI asrlar tarixini aks ettiruvchi Amir Temur va temuriylar davriga oid qo‘lyozma asarlar, turli davlatlar hukmdorlari bilan olib borilgan yozishmalar, tangalar, sopol va mis buyumlar, me’moriy bezak qoplamalari, kitoblar, etnografik buyumlar, yurtimiz rassomlari asarlari kabi nodir eksponatlardan iborat. Eksponatlarning soni esa 2,5 mingdan oshadi.

Muzey direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Alimovning aytishicha, muzeyni tarixiy ashyolar bilan to‘ldirishda, avvalo, Yurtboshimizning doimiy e’tibori muhim omil bo‘lmoqda. Arxeologiya ekspeditsiyalari topilmalari, muzey xodimlarining bunday qazishmalarda bevosita ishtiroki, xorijga olib ketilgan temuriylar davri yodgorliklarini qaytarish borasidagi ishlar bunda katta ahamiyatga ega.

Muzey ekspozitsiyasi xorijdan tashrif buyuruvchi faxriy mehmonlarning bebaho sovg‘alari hisobiga ham boyimoqda. “Sovg‘alar”, “Dastxatlar” ko‘rgazmalari ana shunday eksponatlar asosida tashkil etilgan.

Ayni paytda muzey zallaridagi “O‘zbekistonda yozuv madaniyati va tarixi”, “Shohruhiya qal’a-shahri”, “Xorijdagi merosimiz”, “Amir Temur-Klavixo-Samarqand”, “Amir Temur hayotidan lavhalar”, “Amir Temur va temuriylar davri - rassomlar nigohida”, “Amir Temur va temuriylar davri tarixi olimlar va yozuvchilar nazarida” kabi ko‘rgazmalarda 1,5 ming eksponat namoyish etilmoqda. Yaqinda “Temuriylar tarixi davlat muzeyi 10 yoshda” mavzuidagi yangi ekspozitsiya ochildi.

Muzey ma’muriyati ma’lumotlariga qaraganda, o‘n yil davomida bu yerda turli mavzularda o‘ttizga yaqin ko‘rgazma namoyish etilgan. Muzeyning noyob eksponatlari Fransiya, AQSH, Germaniya, Avstriya kabi ko‘plab xorijiy davlatlarda tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish qilingan.

Muzey ziyoratiga keluvchi hamyurtlarimiz va xorijlik mehmonlar soni ham yildan-yilga ortib bormoqda.

- Birgina shu yilning sentabr oyida muzeyimizga salkam 4,5 ming ziyoratchi keldi, - deydi ekskursiyalar bo‘limi mudiri Surayyo O‘ljaboyeva. - Joriy yilning to‘qqiz oyida 38 mingdan ortiq, muzey tashkil topgan vaqtdan buyon esa qariyb 1,5 million tomoshabin, 400 dan ziyod rasmiy delegatsiya tashrif buyurdi.

Muzey ziyoratchilari safida mamlakatimizning turli hududlaridan muntazam kelib turuvchi hamyurtlarimizdan tashqari, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlaridan, shuningdek, boshqa xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan mehmonlar, ayniqsa, ko‘pchilikni tashkil etadi.

O‘n yil davomida muzeyni ziyorat qilganlar orasida Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Koreya Respublikasi, Hindiston, Eron, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Misr, Malayziya, Tailand, Bangladesh, Zambiya, Afg‘oniston, Turkiya, Isroil, Avstraliya, Avstriya, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Italiya, Ispaniya, Belgiya, Lixtenshteyn, Finlyandiya, Shvetsiya, Daniya, Bolgariya, Polsha, Ruminiya, Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Ukraina, Gruziya, Ozarboyjon, Latviya, Litva kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan davlat rahbarlari, hukumat boshliqlari, parlament delegatsiyalari, diplomatlar, ishbilarmonlar, bankirlar, sanoatchilar, ta’lim sohasi mutasaddilari, madaniyat va san’at namoyandalari, sportchilar, harbiylar, me’morlar, diniy konfessiyalar vakillaridan to oddiy sayyohlargacha bor.

BMT, YUNESKO, YEXHT, NATO, SHHT, MDH kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, YETTB, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, shuningdek, Interpol singari maxsus xalqaro tuzilmalar vakillarining muzey ziyoratida bo‘lgani ham e’tiborga molikdir.

Kimki bizning qudratimizga shubha qilsa, biz barpo etgan binolarni kelib ko‘rsin, degan edi Amir Temur hazratlari. Mustaqillik sharofati tufayli xalqimiz o‘z milliy davlatchiligini qayta tiklagan bugungi kunda Sohibqiron nomi bilan bog‘liq buyuk koshona - Temuriylar tarixi davlat muzeyi ham shon-shuhratimizni olamaro yoyishga xizmat qilmoqda.
Bu ma'lumot: www.uza.uz olindi!


May 19, 2007 | 12:24 AM Comments  0 comments

Tags:
You must be logged in to add tags.


Abbos's Profile

Abbos's Friends


Latest Posts
Temuriylar tarixi...
Хива...
Latifalar!!!
«КЎКАЛДОШ»...
ИСЛОМДА...

Monthly Archive
May 2007

Change Language


Filter By Type
Travel
Topics

Friends
Sharifa


8305 views
Important Disclaimer